Yangiliklar
O‘zbekiston harbiy xizmatchilari Janubiy Koreyadagi xalqaro musobaqalarda eng yaxshilar bo‘ldi
Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston harbiy xizmatchilari g‘olib bo‘ldi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Nufuzli musobaqalarda 7 davlatdan, jumladan AQSh, Ozarbayjon, Avstraliya va Polshadan iborat 12 ta jamoa tarkibida qariyb 500 kishi ishtirok etdi. Musobaqalar jarayonini yana 8 davlat, jumladan Turkiya, Meksika, Filippin va Malayziya harbiy xizmatchilari kuzatib bordi.
Musobaqa bosqichi doirasida ishtirokchilar avval tog‘li, o‘rmonli va shahar hududida jangovar harakatlarni olib borish bo‘yicha topshiriqlarni bajardilar. So‘ng ular barcha uch turdagi hudud sharoitida bir vaqtning o‘zida jangovar harakatlarni olib borishni nazarda tutuvchi kompleks bosqichda bellashdilar.
Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari turli yo‘nalishlarda rekord natijalarni namoyish etdi. Xususan, tog‘li hududda harbiy xizmatchilar mudofaa pozitsiyalarini egallagan shartli dushmanni hech qanday talafotsiz to‘liq yo‘q qildi va 7 ta bayroqni qo‘lga kiritdi. Hozirga qadar hech bir jamoa bunday natijaga erisha olmagan edi.
Shahar hududida jangovar harakatlarni olib borish topshirig‘ini bajarish chog‘ida harbiy xizmatchilar mudofaa qilayotgan shartli dushmanga ham hujum qilib, barcha obyektlar va 7 ta bayroqni qo‘lga kiritdi. Bu muvaffaqiyat ham musobaqalar tarixida ilk bor qayd etildi.
Bundan tashqari, shahar hududidagi mudofaa obyektlarini ushlab turish topshirig‘i doirasida O‘zbekiston jamoasi birorta ham jangchini yo‘qotmagan holda 7 ta obyekt va barcha bayroqlarni qo‘lga kiritib, musobaqa rekordini yangiladi.
Natijalarga ko‘ra, 316 ball to‘plagan O‘zbekiston faxrli birinchi o‘rinni egalladi. 212 ball bilan ikkinchi o‘rin Kambodja jamoasiga nasib etdi, 192 ball bilan esa uchinchi o‘rinni Koreya Respublikasi jamoasi egalladi.
Manba