18-Xalqaro ko‘rgazma «Kompleks xavfsizlik - Securex Uzbekistan 2027»

7 - 9 sentabr 2027, O`zekspomarkaz MKK / O`zbekiston

Mətbuat açıqlaması (ümumi)

Bitimlarga eltuvchi yo‘nalishlar: TransLogistica va Securex Uzbekistan 2026 ko‘rgazmalari yakunlari sarhisob qilindi

TransLogistica va Securex Uzbekistan 2026

22-xalqaro “Transport va logistika – TransLogistica Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasi hamda 17-xalqaro “Umumiy xavfsizlik tizimlari – Securex Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasi 2026-yil 10–12-noyabr kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” MKKda bo‘lib o‘tdi. Uch kun davomida Toshkent transport sohasining barcha yo‘nalishlari vakillarini bir maydonda jamladi. Aviatsiya va temir yo‘l tashuvchilaridan tortib, dengiz portlari, ekspeditorlik kompaniyalari, logistika xizmatlari yetkazib beruvchilari, xavfsizlik tizimlarini ishlab chiquvchilar hamda O‘zbekiston orqali yangi transport yo‘laklarini shakllantirayotgan mutaxassislargacha bo‘lgan keng professional hamjamiyat vakillari ko‘rgazmalarda ishtirok etdilar.

Tashkilotchilar: Iteca Exhibitions xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori ICA Eurasia Group. Ko‘rgazmalar O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining rasmiy qo‘llab-quvvatlashi ostida tashkil etildi.

TransLogistica Uzbekistan 2026 ko‘rgazmasining Bosh homiysi – milliy kompaniya-aviatashuvchi Fly Khiva.

Ikki ko‘rgazmaning birlashgan ekspozitsiyasi BAA, Belarus Respublikasi, Buyuk Britaniya, Estoniya, Germaniya, Gruziya, Iordaniya, Koreya Respublikasi, Latviya, Litva, Niderlandiya, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Xitoy va O‘zbekiston kabi 17 mamlakatdan 120 ta kompaniya va brendni birlashtirdi. Shu tariqa, Boltiqbo‘yi, Kavkaz va Markaziy Osiyoni yagona mintaqaviy transport tizimiga bog‘lovchi mamlakatlar bir maydonda jamlandi.

Milliy pavilyonlar an’anaviy tarzda Belarus va Latviya tomonidan namoyish etildi. Estoniya va Gruziya esa ko‘rgazmada ilk bor milliy stendlar bilan ishtirok etdi.

Transport va xavfsizlik bugungi kunda o‘zaro chambarchas bog‘liq sohalarga aylangan. Yuklarning butligini ta’minlash, infratuzilmani himoya qilish, transport yo‘nalishlari va logistika markazlarida nazoratni yo‘lga qo‘yish zamonaviy ta’minot zanjirining ajralmas tarkibiy qismidir. Shu bois TransLogistica va Securex ko‘rgazmalarining yagona maydonda birgalikda tashkil etilishi ishtirokchilar va tashrif buyuruvchilarga ushbu ikki yo‘nalishni bir tashrif davomida yaxlit holda ko‘rib chiqish imkonini berdi.

Uch kun davomida ko‘rgazmaga 4 207 nafar noyob mutaxassis tashrif buyurdi, tashriflarning umumiy soni esa 5 679 tani tashkil etdi. Tashriflarning 35 foizi takroriy tashriflar hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu esa mehmonlarning boshlangan muzokaralarni davom ettirish va o‘zlari uchun muhim bo‘lgan soha mutaxassislari bilan ko‘proq uchrashish maqsadida ko‘rgazmaga qayta tashrif buyurganini ko‘rsatadi.

An’anaviy tarzda, ko‘rgazmalar davlat idoralari, tarmoq birlashmalari va diplomatik korpus vakillarining e’tiborini tortdi. Ko‘rgazmalarning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari Akmal Kamalov, O‘zbekiston Xalqaro ekspeditorlar assotsiatsiyasi raisi Hokim Matchanov, shuningdek, Green Line Operations kompaniyasi ta’sischisi Bobur Sirojiddinov ishtirok etdi.

Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim tadbir sifatida ko‘rgazmalar har yili diplomatik korpus vakillarining katta qiziqishini uyg‘otadi. Joriy yilda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan yetti mamlakat — Belarus Respublikasi, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Latviya, Turkmaniston va Estoniyaning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari hamda vakillari ko‘rgazma ishtirokchilari va sohadagi yangiliklar bilan tanishish uchun tashrif buyurdi. O‘tgan yillar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ko‘rgazmalardagi ishtirok faqat biznes manfaatlari bilan cheklanib qolmay, balki davlat darajasida ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.

TransLogistica Uzbekistan 2026 ko‘rgazmasining biznes dasturi ikki muhim tadbirni o‘z ichiga oldi. Birinchisi — Xalqaro ekspeditorlar assotsiatsiyasi tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston transport-logistika tizimi: shakllanish bosqichlari va rivojlanish istiqbollari” nomli ilmiy-amaliy kitob taqdimoti bo‘ldi. Ikkinchi tadbir Latviya elchixonasi tomonidan tashkil etilgan “Ganza ittifoqi Ipak yo‘li bilan uchrashgan joyda” mavzusidagi ekspert sessiyalaridan iborat bo‘ldi. Sessiyalar nomining o‘ziyoq o‘tmishdagi ikki buyuk savdo yo‘lini o‘zaro bog‘lab, bugungi kunning dolzarb vazifasi – Boltiqbo‘yi mintaqasini Markaziy Osiyo bilan bog‘lash masalasini aks ettirdi.

Ko‘rgazmalar natijalari haqida eng yaxshi taassurotni ularning bevosita ishtirokchilari bildiradi:

BaltMarketConsult, Tatyana Yeryomina, direktor, Estoniya milliy pavilyoni:

– Biz uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rdik va kompaniyalarimiz uchun TransLogistica Uzbekistan ko‘rgazmasida ishtirok etish muhim ahamiyatga ega, degan qarorga keldik. Bu tashabbusimiz davlat tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Estoniya stendida dengiz portlari, temir yo‘l, ekspeditorlik va servis kompaniyalari birlashgan. Biz uchun eng qadrli jihati – stendimizga yuk egalari, eksportyorlar va importyorlar tashrif buyurayotgani. Zero, aynan shu mijozlar biz taklif etayotgan xizmatlar majmuasiga ehtiyoj sezadi. Bunday uchrashuvlarning har biri kelgusidagi ishbilarmonlik hamkorligiga asos solishi mumkin. Taklif uchun tashkilotchilardan minnatdormiz va ko‘rgazmada ishtirok etganimizdan aslo afsuslanmadik.

Fly Khiva Group, Dinara Nizamova, yuk tashish departamenti direktori, ko‘rgazmaning Bosh homiysi (O‘zbekiston):

– Fly Khiva kompaniyasi uchun TransLogistica Uzbekistan ko‘rgazmasida har yili ishtirok etish an’anaga aylangan. Biz yosh, ammo allaqachon bozorda yaxshi tanilgan kompaniyamiz. Ko‘rgazma esa o‘zimiz, faoliyatimiz va kelgusidagi rejalarimiz haqida kengroq ma’lumot berish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. Aviatsiya sohasi bilan bog‘liq barcha mutaxassislar uchun ishtirokimiz kompaniyamiz bozorda faoliyat yuritayotganini va o‘z faoliyatini kengaytirib borayotganini yana bir bor namoyon etadi. Bu yerga Yevropa va Xitoydan hamkorlarimiz, shuningdek, mahalliy mehmonlar tashrif buyuradi. Yildan yilga hamkorlik aloqalarimiz yanada kengayib bormoqda: bizni taniydigan barcha hamkorlarimiz aynan shu yerda biz bilan uchrashish imkoniga ega. Tashkilotchilarga minnatdorlik bildiramiz va kelgusida ham ushbu ko‘rgazmada mamnuniyat bilan ishtirok etishga tayyormiz.

Rohde & Schwarz, Aleksandr Beresnev, sotuvlar bo‘yicha menejer (Germaniya):

– Biz Securex Uzbekistan ko‘rgazmasida ishtirok etishga aeroportlar xavfsizligi, muhim infratuzilma obyektlarini muhofaza qilish va kiberxavfsizlikni ta’minlash yo‘nalishlaridagi yangi mahsulotlarimizni namoyish etish maqsadida qaror qildik. Ko‘rgazma davomida ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazdik va tashrif buyuruvchilarning nafaqat tekshiruv skanerlari, balki umuman Rohde & Schwarz kompaniyasi faoliyatiga, jumladan, davlat idoralari va xususiy kompaniyalar uchun zarur bo‘lgan radioelektron hamda nazorat-o‘lchov uskunalarimizga ham katta qiziqish bildirayotganiga guvoh bo‘ldik. Ko‘rgazmadagi ishtirokimizdan olgan taassurotlarimiz ijobiy. Shu bois kelgusi yilda ham ko‘rgazmada qatnashish, mavjud hamkorlarimiz bilan uchrashuvlarni davom ettirish va yangi mijozlarni jalb etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqdamiz.

TP-Link, Erkin Abdullayev, mintaqaviy B2B menejer (Qozog‘iston):

– Xavfsizlik va videokuzatuv mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyalardan biri sifatida Securex Uzbekistan ko‘rgazmasini mahsulotlarimizga talab yuqori bo‘lgan va eng ko‘p tashrif buyuriladigan ixtisoslashtirilgan maydonlardan biri deb hisoblaymiz. Ishonchimiz komilki, aynan shu yerda bizning mijozlarimiz jamlangan. Ko‘rgazmada ketma-ket ikkinchi yil ishtirok etishimiz tanlagan yo‘nalishimiz to‘g‘ri ekanini yana bir bor tasdiqladi. Ishtirokimiz tufayli mahsulotlarimiz ko‘plab ijobiy fikr-mulohazalarga sazovor bo‘ldi, bu esa biznesimizni rivojlantirish va mahsulotlarimizni yanada takomillashtirishga xizmat qildi.

Ko‘rgazmalarga qiziqish ijtimoiy tarmoqlarda ularning ochilishidan ancha oldin boshlandi. TransLogistica Uzbekistan 2026 haqidagi Facebook, Instagram, Telegram va LinkedIn platformalarida e’lon qilingan postlar jami 822 mingdan ortiq ko‘rishlar sonini qayd etdi. Auditoriya nafaqat yangiliklarni kuzatib bordi, balki ularda faol ishtirok ham etdi: minglab reaksiyalar va repostlar, yangi obunachilar hamda sahifalarga tashriflar sonining ortishi soha hamjamiyatining ko‘rgazmaga bo‘lgan qiziqishi va uning atrofidagi muhokamalar qanchalik faol kechganini yaqqol namoyon etdi.

Ko‘rgazmalar Markaziy Osiyoning tranzit va logistika markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlab borayotgan O‘zbekiston uchun o‘z ahamiyati va dolzarbligini yana bir bor namoyon etdi. Shu bilan birga, mamlakatda yuklar, transport yo‘nalishlari va infratuzilma xavfsizligini ta’minlash masalalariga ham tobora ko‘proq e’tibor qaratilmoqda.

Mintaqadagi muhim tadbirlarda ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlandi! Kuzda bo‘lib o‘tadigan 23-xalqaro TransLogistica Uzbekistan 2027 ko‘rgazmasida ishtirok etish bo‘yicha loyiha menejeri Dalila Abduazimovaga +998 50 760 51 71 (WhatsApp, Telegram) telefon raqami yoki trans@iteca.uz elektron pochta manzili orqali murojaat qilishingiz mumkin. Batafsil ma’lumot: trans.uz veb-saytida.

Kuzda bo‘lib o‘tadigan 18-xalqaro Securex Uzbekistan 2027 ko‘rgazmasida ishtirok etish bo‘yicha Yuliya Yevstifeyevaga +998 50 760 51 73 (WhatsApp, Telegram) telefon raqami yoki securex@iteca.uz elektron pochta manzili orqali murojaat qilishingiz mumkin. Batafsil ma’lumot: securex.uz veb-saytida.