“Umumiy xavfsizlik tizimlari - Securex Uzbekistan 2026 ” 17-Xalqaro ko’rgazmasi

10 - 12 noyabr 2026, O`zekspomarkaz MKK / O`zbekiston

Yangiliklar

Prezident Mudofaa sanoati agentligining Innovatsion texnologiyalar markaziga tashrif buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-fevral kuni Mudofaa sanoati agentligining Innovatsion texnologiyalar markaziga tashrif buyurib, ishlab chiqarish quvvatlari, ilg‘or ishlanmalar, harbiy va ikki maqsadli mahsulotlar bilan tanishdi.

Mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashda harbiy kadrlarni kasbiy tayyorlash barobarida mudofaa sanoatini rivojlantirish muhim o‘rin tutadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonda zamonaviy mudofaa sanoati barpo etilgani tarixiy yutuq bo‘ldi. Mudofaa vazirligi huzuridagi agentlik tomonidan qurol-yarog‘larni modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va qo‘shinlarga istiqbolli ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Innovatsion texnologiyalar markazida 80 ga yaqin turdagi harbiy texnika va ikki maqsadli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Robototexnika va uchuvchisiz uchish apparatlari bo'yicha startap loyihalari qo'llab-quvvatlanadi.

Tashrif chog‘ida Prezidentga harbiy texnikaning yangi namunalari, mudofaa sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalar va rejalar taqdim etildi.

Davlatimiz rahbari bu sohani rivojlantirishning dastlabki qadamlari ekanini, ichki mudofaa kompleksining raqobatbardoshligini oshirish borasidagi ishlarni davom ettirish zarurligini taʼkidladi. Ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish, innovatsion texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Xususiy sektorni shartnoma asosida sanoatga keng jalb etish, harbiy va ikkilamchi mahsulotlar turini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Yangi ish o‘rinlari yaratish, mutaxassislar tayyorlash, yangi turdagi asbob-uskunalar uchun laboratoriyalar tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston mudofaa sanoati korxonalari xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, 17—21-fevral kunlari Abu-Dabi (BAA) shahrida boʻlib oʻtayotgan IDEX-2025 koʻrgazmasida 100 dan ortiq harbiy texnika va mahalliy mahsulotlar namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmalar qatorida “Arslon 8x8” va “Arslon 6x6” bronetransportyorlari, “Tufon” o‘ziyurar gaubitsalari xorijiy hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha Prezidentimiz mudofaa sanoatini yanada rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini belgilab berdi va yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlash, ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozordagi mavqeini mustahkamlash bo‘yicha mas’ullar oldiga aniq vazifalarni qo‘ydi.

Manba