“Umumiy xavfsizlik tizimlari - Securex Uzbekistan 2026 ” 17-Xalqaro ko’rgazmasi

10 - 12 noyabr 2026, O`zekspomarkaz MKK / O`zbekiston

Yangiliklar

Toshkentda UAVNI aniqlash va unga qarshi kurashish uchun EAS DOME kompleksi namoyish etildi

Kompleksni taqdim etgan Electronic Autonomous Solutions (EAS) kompaniyasi Markaziy Osiyoda uchuvchisiz uchish apparatlariga (UUA) qarshi kurash tizimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi.

Optik tolali aloqa yoki sun’iy intellekt orqali avtonom boshqariladigan dronlarga qarshi an’anaviy radioelektron kurash usullari hozirgi vaqtda samarasiz hisoblanadi. Shu munosabat bilan Electronic Autonomous Solutions EAS Dome kompleksida HardKill formatidagi — dronni jismoniy yo‘q qilish yechimini taklif etadi. Kompaniya yangi kompleksni 16-fevral kuni texnologik forumda taqdim etdi va uning imkoniyatlarini batafsil namoyish qildi.

Hozirgi vaqtda dronlarni boshqarishda optik tolali kabellardan foydalanish yoki sun’iy intellekt hamda kompyuter ko‘rish tizimlarini qo‘llash keng tarqalmoqda. Shu sababli EAS Dome’da radiolokatsion hamda optik-elektron aniqlash va qarshi ta’sir vositalari ham joriy etilgan. Shuningdek, faol qo‘llanilayotgan dronlarni FPV-dronlar yordamida kinetik usulda yo‘q qilish imkoniyati mavjud. Kompleks yagona platforma va serverda ma’lumotlarni qayta ishlovchi umumiy aniqlash tizimi, qarshi ta’sir vositalari hamda kinetik kurash vositalarini — ya’ni hard-kill tizimini o‘z ichiga oladi va bugungi kunda jahon bozorida shunga o‘xshash kam sonli yechimlardan biri hisoblanadi.

“Qarshi kurash kompleksi uchuvchisiz uchish apparatlarini 10 kilometrgacha bo‘lgan taktik chuqurlikda aniqlash, kuzatish va identifikatsiya qilish imkoniyatiga ega, ochiq hududlarda esa undan ham uzoq masofalarda ishlashi mumkin. 10 kilometrgacha bo‘lgan chuqurlikda radioelektron bostirish, navigatsiya tizimini aldash, majburiy qo‘ndirish yoki parvozni to‘xtatish orqali qarshi ta’sir ko‘rsatiladi”, deydi EAS texnik direktori Behzod Sulaymonov.

Tizim sun’iy intellekt yordamida aniqlangan uchuvchisiz uchish apparatlarini o‘z va begona sifatida ajratadi, yolg‘on signallarni filtrlab beradi hamda avtonom yoki operator nazorati ostida ishlashi mumkin. Konteyner tomidan uchiriladigan tutib qoluvchi dronlar nishonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv orqali zararsizlantiradi.

EAS Dome kompaniyaning yagona ishlanmasi emas. 2022-yildan buyon kompaniyaning portativ va statsionar tizimlari O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tomonidan qo‘llanilib, chegaralar va strategik obyektlar xavfsizligini ta’minlamoqda.

“Bugungi kunda kompaniyamiz bir qator mahsulotlari bilan bozorga chiqdi — bular statsionar, portativ va mobil tizimlardir. Ushbu forumda biz yangi tizimimiz — uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi tizimni taqdim etmoqdamiz. Tizimimiz C2 va C4 tizimlaridan iborat. Hozirgi kunda kompaniya qariyb 70 nafar mutaxassisni jalb qildi. Jalb qilish deganda, biz AQSh va boshqa davlatlardan vatandoshlarimizni — o‘zbek mutaxassislarini O‘zbekistonga qaytardik va ular hozir shu yerda faoliyat yuritmoqda. Kelgusida sun’iy intellekt asosidagi yangi C4A tizimini taqdim etamiz”, deydi kompaniya bosh direktori Azizbek Ubaydullayev.

Manba