Yangiliklar
O`zbekiston dunyoning eng kuchli armiyalari reytingida o`z o`rnini yaxshiladi
Global Firepower tahliliy markazi tomonidan tuzilgan dunyoning eng kuchli armiyalari reytingida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari 145 davlat orasida 53-o‘rinni egalladi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 5 pog‘onaga yuqori bo‘lib, o‘shanda mamlakat armiyasi 58-o‘rinda bo‘lgan.
Global Firepower hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakat aholisi 36,5 million kishidan oshadi, shundan qariyb 19 millioni mehnat va safarbarlik resurslari toifasiga kiradi. 15,9 milliondan ortiq fuqaro harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston 145 davlat orasida yetakchilar qatorida (32-o‘rin).
Faol harbiy xizmatchilar soni taxminan 120 ming nafarni tashkil etadi. Ularning asosiy qismi quruqlikdagi qo‘shinlarda (taxminan 95 ming kishi), qolgan qismi aviatsiyada xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida jami 159 ta havo kemasi mavjud. Shundan 87 tasi jangovar tayyorgarlik holatida. Harbiy-havo kuchlari tarkibida 101 ta vertolyot bor bo‘lib, bu aviatsiya parkining 63 foizidan ortig‘ini tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston yuqori o‘rinlarni egallaydi (145 davlat orasida 36-o‘rin).
Shuningdek, 34 ta jangovar vertolyot mavjud bo‘lib, ulardan 19 tasi jangovar holatda (20-o‘rin).
Mamlakat qurollanishida 470 ta tank mavjud, ulardan 259 tasi jangovar tayyor holatda (30-o‘rin). Zirhli texnika umumiy soni 8 692 birlikni tashkil etib, shundan 4 781 tasi foydalanishga yaroqli.
Artilleriya qo‘shinlari tarkibida 177 ta o‘ziyurar artilleriya qurilmasi mavjud bo‘lib, ulardan 97 tasi jangovar holatda (23-o‘rin), 236 ta tortib yuriladigan artilleriya quroli (130 tasi tayyor, 43-o‘rin) va 108 ta reaktiv zalp o‘t ochish tizimi mavjud.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (58-o‘rin), Turkmaniston (78-o‘rin), Tojikiston (100-o‘rin) va Qirg‘iziston (109-o‘rin) joylashgan.
Avvalgidek, reytingda AQSh armiyasi yetakchilik qilmoqda, ikkinchi o‘rinda Rossiya, uchinchi o‘rinda Xitoy joylashgan.
Manba